Mahsulotlarni sertifikatlash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
a) Arizani sertifikatlash organiga (keyingi o‘rinlarda — SO) topshirish va uni ko‘rib chiqish;
b) Ariza bo‘yicha mahsulotning normativ hujjatlarini va boshqa taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qilish;
d) Intellektual mulk obyektlarining (tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, ishlab chiqarilgan joy nomi, geografik ko‘rsatkichlar va sanoat namunalari) (keyingi o‘rinlarda — IMO) huquqlariga rioya qilinishini o‘rganish va tekshirish;
e) Ariza bo‘yicha qaror qabul qilish;
f) Sinov dasturini tayyorlash va tasdiqlash;
g) Namunalarning identifikatsiyasi, tanlovi va laboratoriyaga yetkazilishi;
h) Akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyasida (keyingi o‘rinlarda ASL) namunalarni sinovdan o‘tkazish;
i) Mahsulot ishlab chiqarish holatini tekshirish (3 va 4 sertifikatlash sxemalari uchun);
j) Olingan natijalarni tahlil qilish, muvofiqlik sertifikatini berish yoki berishni rad etish;
k) Muvofiqlik sertifikatlarini O‘zbekiston Respublikasi Milliy sertifikatlash tizimining (MST) Davlat reyestriga kiritish.
Sertifikatlash organi (SO) belgilangan sanitariya-epidemiologik, veterinariya, fitosanitar yoki ekologik talablar mavjud bo'lganda, mahsulot sanitariya-epidemiologik va veterinariya ekspertizalari, fitosanitar nazorati va ekologik ekspertizadan o'tkazilishi kerakligini aniqlaydi. Mazkur qadamlar sertifikatlash sinovlari bilan bir vaqtda o'tkazilishi mumkin va muvofiqlik sertifikati berilishidan oldin tegishli hujjatlar arizachiga taqdim etilishi lozim.
Sertifikatlash organi (SO) talab bo'yicha arizachilarga quyidagi ma’lumotlarni tayyorlashi va taqdim etishi kerak:
Mahsulotni sertifikatlash uchun arizachi tegishli sertifikatlash organiga (SO) arizani http://portal.standart.uz/site/login portali orqali yuboradi.
Import qilinadigan mahsulotlarni sertifikatlashda quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak:
Ishlab chiqarilayotgan mahsulotga oid normativ hujjatlar nusxasi (mavjud bo‘lsa);
Mahsulot markirovkasi namunasi yoki mahsulot haqida ma'lumot;
Tegishli ob'yektning ro'yxatga olinganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (guvohnoma, patent yoki ularga ilova) yoki undan foydalanish uchun berilgan litsenziya shartnomasi nusxasi (mavjud bo‘lsa);
O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga kirib kelishini tasdiqlovchi belgisi bo‘lgan tovarlarni kuzatuvchi hujjat nusxasi (tovar-transport xati, invois, hisob-faktura);
Agar mavjud bo‘lsa, davlat sanitariya nazorati organining laboratoriyasi sinov natijalarini o‘z ichiga olgan sinov bayonnomalari bilan sanitariya-epidemiologik xulosasi nusxasi va normativ hujjatlardagi boshqa talablarni o‘z ichiga olgan ma'lumotlar (veterinariya va fitosanitariya xulosasi, ekologik ekspertiza).
Agar arizachi tomonidan bir vaqtning o‘zida sanitariya-epidemiologik xulosa va muvofiqlik sertifikatini olish uchun ariza taqdim etilgan bo‘lsa, sinov bayonnomalari bilan sanitariya-epidemiologik xulosa nusxasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgandan keyin taqdim etiladi.
Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sertifikatlashda quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak:
1. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotga oid normativ hujjatlarning nusxasi;
2. Mahsulot markirovkasi namunasi (mahsulot haqida ma'lumot);
3. Tegishli ob'yektning ro'yxatga olinganligini tasdiqlovchi hujjat (guvohnoma, patent yoki ularga ilova) nusxasi, mahsulotda foydalanilgan IMO huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlar yoki uning foydalanish uchun litsenziya shartnomasi nusxasi (mavjud bo'lsa);
4. Agar mavjud bo'lsa, davlat sanitariya nazorati organi laboratoriyasida sinov natijalarini o'z ichiga olgan sanitariya-epidemiologik xulosa nusxasi va normativ hujjatlarda belgilangan boshqa talablar haqidagi ma'lumotlar (veterinariya va fitosanitariya xulosasi, ekologik ekspertiza).
Agar ariza topshirish vaqtida arizalanayotgan mahsulot turini sertifikatlash uchun akkreditatsiyaga ega bo‘lgan SO (sertifikatlash organi) mavjud bo‘lmasa, ariza МSOga (milliy sertifikatlash organiga) yuboriladi. МSO sertifikatlash jarayonini tashkil qilishi va sertifikatlash sinovlari uchun ASLni (akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyasini) belgilashi shart. Agar arizalanayotgan mahsulot turiga nisbatan bir nechta SO mavjud bo'lsa, arizachi ulardan biriga o‘z xohishiga ko'ra murojaat qilish huquqiga ega.
Ariza topshirilgandan keyin SO arizani ko‘rib chiqadi, taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qiladi va uni olganidan keyin ikki kundan kechiktirmasdan arizachiga qarorni bildiradi. Qarorda sertifikatlashning asosiy shartlari, mahsulot sertifikatlashning belgilangan tartibiga asoslangan holda keltiriladi, sertifikatlash sxemasi va sertifikatlashda qo‘llaniladigan normativ hujjatlar, sinovlarni o‘tkazadigan ASL ko‘rsatiladi. Agar sertifikatsiyalanadigan mahsulotning normativ hujjatlarida gigienik, veterinariya, fitosanitariya yoki ekologik talablari mavjud bo'lsa, qarorda sanitariya-epidemiologik, veterinariya, fitosanitariya xulosasi yoki ekologik ekspertiza olinishi zarurligi ham ko‘rsatiladi. SO tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va import qilingan mahsulotlarni sertifikatlash jarayonida IMO huquqlariga rioya qilinishini o‘rganish va tekshirish amalga oshiriladi. Agar mahsulotni sertifikatlash uchun ariza topshirishda mahsulotda foydalanilgan IMO huquqlarini tasdiqlovchi tegishli ob'yektning ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjat (guvohnoma, patent yoki unga ilova) nusxasi yoki uning foydalanish litsenziyasi nusxasi taqdim etilgan bo‘lsa, sertifikatlash jarayonida IMO huquqlariga rioya qilinishini o‘rganish va tekshirish amalga oshirilmaydi.
SO tomonidan mahsulotda foydalanilgan IMO huquqlariga rioya qilinishini o'rganish va tekshirish davrida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
a) Mahsulotni sertifikatlash bo‘yicha arizani ko‘rib chiqish jarayonida, jumladan, namunalarni identifikatsiya qilish, tanlash va laboratoriyaga yetkazish, mahsulotda foydalanilgan IMO huquqlariga rioya qilinishini o‘rganish va tekshirish SO tomonidan ikki ish kuni ichida amalga oshiriladi. Bunda sertifikatlash sinovlarini o‘tkazish uchun tanlangan mahsulot namunalaridagi belgi, nom va boshqa rekvizitlar (etiketkalar va qadoqlardagi) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining "Sanoat mulkini himoya qilish portali"da mavjud ma'lumotlar bilan taqqoslanadi.
b) Agar tadqiqot va tekshiruv davrida mahsulot sinovlari uchun tanlangan namunadagi belgi, nom va boshqa rekvizitlar (etiketkalar va qadoqlar) qonun hujjatlari bilan himoya qilinadigan IMO obyektlari bilan mos kelishi yoki o'xshashlik darajasiga ega ekani aniqlansa, SO arizachiga asosli rad javobini beradi.
Barcha zarur hujjatlar (sinov bayonnomalari, tekshiruv dalolatnomasi, sanitariya-epidemiologik, veterinariya, fitosanitariya xulosalari, ekologik ekspertiza xulosasi) topshirilgandan boshlab, mahsulotga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilishi va taqdim etilishi muddati uch ish kunidan oshmasligi kerak. Sertifikatlash jarayonida barcha normativ hujjat talablarini tekshirish zaruriyatini SO har bir alohida holatda, unga taqdim etilgan qo‘shimcha hujjatlar (menejment yoki ishlab chiqarish tizimi sertifikati, vakolatli tashkilotlar sinov bayonnomalari, sanitariya-epidemiologik, veterinariya, fitosanitariya xulosalari, ekologik ekspertiza, yetkazib beruvchining texnik hujjatlari va boshqalar) asosida aniqlaydi. Bunda SOga taqdim etilgan sanitariya-epidemiologik xulosalar davlat sanitariya nazorati organi sinov bayonnomalari nusxalari bilan birga taqdim etiladi.
Agar qo‘shimcha hujjatlar aniq ko‘rsatkichlar bo‘yicha ASLda o'tkazilgan sinov natijalarini o‘z ichiga olsa, SO ushbu natijalarni qo‘shimcha sinovlarsiz muvofiqlikni baholash uchun ishlatishi mumkin. Bunda sinovlarning eskirganlik muddati e'tiborga olinadi, bu muddat mahsulotning normativ hujjatlarida belgilangan yaroqlilik muddatidan oshmasligi kerak. Sertifikatlash maqsadida sinovlar ASLda o'tkaziladi. Agar sertifikatlash paytida mos keluvchi ASL mavjud bo‘lmasa, SOning murojaatiga asosan MSO sinovlarni o'tkazish joyi, tartibi va shartlarini belgilaydi, ularning natijalarining xolisligini ta'minlaydi. Sertifikatlash maqsadida aniq turdagi mahsulot uchun sinov bayonnomasini rasmiylashtirish va berish muddati, ushbu mahsulot turining sinovlarining umumiy davomiyligi asosida, normativ hujjatlar bilan aniqlangan usullarga muvofiq belgilanadi.
Namunalarni tanlash va identifikatsiya qilish, sertifikatlash uchun mahsulot namunalari tanlash va identifikatsiyalash uchun ariza topshirilgan kundan boshlab ikki kundan kechiktirmasdan amalga oshiriladi. Namunalar soni, tanlash tartibi, identifikatsiya qilish va saqlash qoidalari sertifikatlashga oid mahalliy normativ hujjatlarda, shu jumladan, sinov metodikalarida belgilanadi. Respublika hududiga kiritilgan mahsulot partiyalarini sertifikatlash uchun tanlanadigan namunalar sonini SO sinov metodlarining normativ hujjatlariga muvofiq sinovlarni o'tkazishni ta'minlash nuqtai nazaridan kelib chiqib belgilaydi.
Sertifikatlash uchun taqdim etilgan mahsulotning namunalarini tanlash paytida identifikatsiya mahsulot sertifikatlash qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi va namunalarni (problarni) identifikatsiya qilish va tanlash dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Agar identifikatsiya natijasida arizachi tomonidan taqdim etilgan namunalar arizada ko‘rsatilgan normativ hujjatlarga muvofiq kelmasa yoki sertifikatlanadigan mahsulotning tipik namunalari bo‘lmasa, namunalarni olish amalga oshirilmaydi va arizachiga sertifikatlashdan asoslangan rad javobi taqdim etiladi.
Ishlab chiqarilayotgan mahsulotning namunalarini (problarni) tanlash identifikatsiya va namunalarni tanlash (problarni) dalolatnomasi bilan ikki nusxada rasmiylashtiriladi, nusxalardan biri arizachiga topshiriladi.
Bojxona nazoratida saqlanayotgan import mahsulotlarni sertifikatlash uchun namunalar (problar) SO tomonidan bojxona organi va tovar egasi yoki uning vakili ishtirokida tanlanadi. SO vakili tomonidan uch nusxada namunalarni (problarni) identifikatsiya qilish va tanlash dalolatnomasi tuziladi, ulardan ikkinchi nusxasi bojxona organiga topshiriladi.
Arizachi o‘z xohishiga ko‘ra, sertifikatlanadigan mahsulotning texnik tavsiflarini taqdim etishi mumkin. Arizachi shuningdek, mahsulotni ishlab chiqish va ishlab chiqarishga qo‘yish jarayonida o‘tkazilgan sinov bayonnomalarini yoki O‘zbekiston Respublikasi akkreditatsiya tizimida akkreditatsiyadan o‘tgan yoki tan olingan mahalliy yoki xorijiy sinov laboratoriyalarida o‘tkazilgan sinovlarga oid hujjatlarni SOga taqdim etishi mumkin. Arizachi yoki uning vakilining iltimosiga binoan ASLda sinov o'tkazish sharoitlari bilan tanishish imkoniyati taqdim etilishi kerak. Arizachi mahsulot sinovlarida xozir bo'lish huquqiga ega. Bunda ASLda maxfiylikni ta'minlash bo'yicha choralar ko‘rilishi kerak.
Namunalar sinov natijalari sifati va ishonchliligi, shuningdek, sinov bayonnomalarini saqlash uchun javobgarlik sinovlarni o'tkazgan ASLga yuklatiladi. Sinov bayonnomalari vakolatli mutaxassis-sinovchilar tomonidan imzolanadi va ASL rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Sinov bayonnomalari arizachiga va SOga taqdim etiladi. Agar mahsulotning turli parametrlar bo'yicha sinovlari turli ASLda o'tkazilgan bo'lsa, mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligi bo'yicha baho, zarur bo'lgan barcha sinov bayonnomalarining ijobiy natijalari mavjud bo'lganida ijobiy baho deb hisoblanadi. Sinov natijalarining salbiy bo'lishi yoki hujjatlar to'liq taqdim etilmagan holatlarda, SO arizachiga muvofiqlik sertifikatini berishdan bosh tortish bo'yicha xulosa beradi, bunda qonunchilikning aniq normalari ko'rsatiladi. Agar import qilinayotgan tovar sifat va xavfsizlik talablariga muvofiq kelmasa, SO arizachiga va Davlat bojxona qo‘mitasiga ushbu tovarning muvofiq emasligi haqida rasmiy xulosa beradi. Sinov davrida butunlay vayron qilingan, qisman vayron qilingan yoki vayron qilinmagan mahsulotlar bo‘yicha, arizachi (yoki uning vakili) ishtirokida mahsulotni hisobdan chiqarish (qaytarish) bo‘yicha dalolatnoma tuziladi.
Sertifikatlanadigan mahsulot ishlab chiqarish holatini tekshirish mahsulot sertifikatlash qoidalari bilan belgilanadi. Tekshiruv natijalari bo‘yicha sertifikatni berish uchun ishlatiladigan dalolatnoma tuziladi. Namunalar tanlangan vaqtdan boshlab tekshiruv muddati 10 kundan oshmasligi kerak. Ishlab chiqarishni tekshirish bo‘yicha ma'lumotlar mahsulotga berilgan muvofiqlik sertifikatida keltiriladi. SO sinov bayonnomasi (bayonnomalari), ishlab chiqarish holatini tekshirish va ariza bilan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqqandan keyin muvofiqlik sertifikatini beradi yoki sertifikat berishni rad etadi.
Sertifikatlash jarayonining umumiy muddati ushbu mahsulot turi uchun normativ hujjatlarda belgilangan usullardan foydalanib o'tkaziladigan sinovlarning umumiy davomiyligi asosida belgilanadi. Sertifikat davlat tilida yoki rus tilida rasmiylashtiriladi. Rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikati O‘zbekiston Respublikasi MST Davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Sertifikat faqat ro‘yxatga olish (registratsion) raqami mavjud bo‘lgan taqdirdagina haqiqiy hisoblanadi.
Muvofiqlik sertifikati quyidagi hollarda beriladi:
Muvofiqlik sertifikati bir nomdagi yoki bir guruh o‘xshash tovarlarga beriladi va uning amal qilish muddati mazkur tovarlar guruhiga, O‘zbekiston Respublikasi hududiga haqiqatan ham olib kirilgan barcha tovarlarga taalluqli bo‘ladi, lekin sertifikatda ko‘rsatilgan miqdordan oshmasligi kerak (bunda bitta tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida — kontrakt bo‘yicha olib kirilgan tovarlarning hajmi (miqdori)ga, modellari, turlari, artikullari va (yoki) boshqa identifikatsion belgilari ko‘rsatilgan holda).
Muvofiqlik sertifikati asosida belgilangan sertifikatlash sxemasi hisobga olingan holda, arizachiga muvofiqlik sertifikatidan foydalanish va muvofiqlik belgisini qo‘llash huquqini taqdim qilish bo‘yicha kelishuv tuziladi. Ushbu kelishuvda sertifikatlangan mahsulotni muvofiqlik belgisi bilan markirovkalash usullari va inspektsion nazorat shartlari belgilanishi kerak. Sertifikatlangan seriyali ishlab chiqariladigan mahsulot (qadoqlash, idish-taro va yo‘l-yo‘riq hujjatlari) ishlab chiqaruvchi tashkilotning mas'uliyati ostida muvofiqlik belgisi bilan markirovkalangan bo‘ladi. Ishlab chiqaruvchi tomonidan sertifikatlangan mahsulotning bir qismining realizatsiyasi muvofiqlik sertifikatining nusxasi bilan tasdiqlanishi mumkin. Sertifikatning asl nusxasi egasiga beriladigan nusxalar mahsulotning yo‘l-yo‘riq hujjatlari bilan bir qatorda ro‘yxatga olinadi. Har bir nusxada uning ro‘yxatga olish raqami va sotuvga chiqarilgan mahsulotning miqdori ko‘rsatiladi. Muvofiqlik sertifikati amal qilish davrida ishlab chiqarilgan mahsulot sertifikatlangan hisoblanadi va qayta sertifikatlanishga muvofiq emas. Mahsulotning sertifikatlanganligini tasdiqlash muvofiqlik belgisi va foydalanish va yo‘l-yo‘riq hujjatlarida ishlab chiqarilgan sanaga asoslanadi. Arizachi sertifikat amal qilish muddati tugashidan kamida bir oy oldin qayta sertifikatlash uchun SOga ariza topshirish huquqiga ega. Bunda SO inspeksion nazorat natijalarini hisobga olgan holda sertifikatlash sxemasini o'zgartirishi mumkin. Agar mahsulotning konstruksiyasi (tarkibi) yoki ishlab chiqarish texnologiyasiga sertifikatlashda tekshiriladigan mahsulot xususiyatlariga ta'sir ko'rsatadigan o'zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilsa, ishlab chiqaruvchi bu haqda SOni xabardor qilishi kerak. Shunda SO korrektsiyalash tadbirlarini o‘tkazish zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Seriyali ishlab chiqariladigan mahsulotga muvofiqlik sertifikatini bergan SO sertifikatlashtirilgan mahsulotning sertifikatlashda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida yiliga kamida bir marta inspektsion nazorat tekshiruvini amalga oshiradi. Inspektsion nazoratda sertifikatlash sxemasiga qarab mahsulotning sinovlari va/yoki ishlab chiqarishni tekshirish amalga oshiriladi. Inspektsion nazorat natijalariga ko'ra muvofiqlik sertifikati va muvofiqlik belgisidan foydalanish tasdiqlanishi, to'xtatilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
Sertifikatlangan mahsulotni inspektsion nazorat qilishning hajmi, mazmuni va tartibi inspektsion nazorat qoidalarida belgilanadi. SO sertifikatning amal qilishini to‘xtatish yoki bekor qilish va arizachining muvofiqlik belgisidan foydalanish huquqini to‘xtatish yoki bekor qilish haqida ishlab chiqaruvchini va MSOni xabardor qilishga majburdir. MSO bekor qilingan sertifikatlar haqida tegishli davlat boshqaruvi organlari va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish zaruriyatini belgilaydi.