O‘zbekiston Respublikasining "Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida"gi qonunining 28-moddasiga muvofiq, muvofiqlik belgisi xaridorlarga muvofiqlikni baholash obyektlari texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqlik jarayonidan o‘tganligini bildirish uchun xizmat qiladi. Muvofiqlik belgisi muvofiqlikni baholash jarayonidan o‘tgan mahsulotlarni markirovkalashda qo‘llaniladi. Mahsulot ishlab chiqaruvchisi, ishlab chiqaruvchi vakili, sotuvchi yoki importchi muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan shaxs milliy standartlarda belgilangan har qanday qulay usulda muvofiqlik belgisini qo‘llash huquqiga ega. Texnik reglamentlarda belgilangan talablarga muvofiqligi tasdiqlanmagan va sertifikatlashni talab qiluvchi mahsulotlarga muvofiqlik belgisini qo‘yish taqiqlanadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar va importchilar mahsulotni sertifikatlash jarayonida, muvofiqlik belgisidan foydalanish huquqiga muvofiqlik sertifikatini bergan sertifikatlash organi bilan tuzilgan kelishuv asosida ega bo‘ladilar va muvofiqlik belgisidan foydalanish uchun to‘lov undiriladi.
G-TEST qoshidagi BM-Sert sertifikatlash organi tomonidan sertifikatlangan tashkilotlar ma'lum shartlar asosida ularga berilgan muvofiqlik belgisidan foydalanish huquqiga ega. Sertifikatlangan seriyali ishlab chiqariladigan mahsulot ishlab chiqaruvchi/importchi mas'uliyati ostida qadoqda, idishda va yo‘l-yo‘riq hujjatlarida muvofiqlik belgisi bilan markirovkalangan bo‘ladi. Belgilar rangli yoki oq-qora rangda qo‘llanilishi mumkin.
Sertifikatlash organi ishlab chiqaruvchi/importchi mahsulotlarini sertifikatlashda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida davriy inspektsion nazoratni amalga oshiradi, ishlab chiqaruvchi/importchi esa inspektsion nazoratni o'tkazish uchun sharoit yaratadi, sertifikatlash qoidalariga amal qiladi va chiqarilgan hisob-faktura asosida haqiqiy xarajatlarni inobatga olgan holda inspektsion nazorat uchun to‘lovni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 apreldagi 348-sonli "O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida"gi qarorining 1-bandiga muvofiq, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi davlatlarining "Mahsulot va xizmatlar sifati sohasidagi yutuqlari uchun" mukofoti laureatlari bo‘lgan mahalliy korxonalar nominatsiyalangan mahsulot bo‘yicha muvofiqlik belgisidan foydalanish uchun bir martalik to‘lovdan muvofiqlik sertifikati amal qilish muddati davomida ozod etiladi.
Sertifikat amal qilishining to‘xtatilishi yoki bekor qilinishi holatida, yoki uning amal qilish muddati tugashi bilan sertifikatlash organining qarori asosida tashkilot muvofiqlik belgisidan foydalanish huquqini yo‘qotadi.
Konkret mahsulotni sertifikatlashga oid muvofiqlik belgisi O’z DSt 1.19:2000 standart talablariga muvofiq bajariladi https://lex.uz/docs/5005358. Muvofiqlik belgisidan foydalanish qoidalari O’z DSt 5.8:2006 (ISO/IEC 17030:2003 MOD) standartida belgilangan https://lex.uz/ru/docs/5006546